
Sinchkovlik bilan o‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra, Raiffeisen Bank International (RBI) O‘zbekiston Respublikasi moliya bozorida operatsiyalarni amalga oshirish uchun “Kapitalbank” ATBni (Kapitalbank) o‘z hamkori sifatida tanladi.
RBI tomonidan amalga oshirilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish modeli doirasida Raiffeisen Bank International O‘zbekiston Respublikasi Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysining infratuzilmasiga bevosita kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bunda Kapitalbank mahalliy bozorning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda RBI faoliyatini operatsion va ekspert jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi.
Mazkur hamkorlik doirasida Kapitalbank O‘zbekiston Respublikasi qimmatli qog‘ozlar bozorida muomalada bo‘lgan qimmatli qog‘ozlar va boshqa moliyaviy vositalar bilan bog‘liq bitimlarni, shuningdek, valyuta bozoridagi operatsiyalarni savdo va operatsion jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi. Kapitalbank RBIning O‘zbekistondagi asosiy hamkori sifatida bankning o‘ziga hamda uning xalqaro mijozlariga ko‘mak ko‘rsatadi.
RBI Markaziy va Sharqiy Yevropadagi yetakchi bank guruhlaridan biri bo‘lib, ko‘plab xalqaro mijozlarga xizmat ko‘rsatadi hamda institutsional investorlar, korporativ mijozlar va boshqaruv kompaniyalari bilan ishlashda katta tajribaga egadir. Mazkur hamkorlik mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, moliya bozori infratuzilmasining rivojlanishi hamda milliy valyutada ifodalangan moliyaviy vositalarga investitsiya kiritish imkoniyatlari bosqichma-bosqich kengayib borayotgani tufayli xorijiy investorlar va moliya institutlarining O‘zbekiston Respublikasi kapital bozoriga qiziqishi ortib borayotganini ifodalaydi.
Kapitalbank uchun ushbu hamkorlik investitsion banking yo‘nalishini rivojlantirish hamda bankning O‘zbekiston kapital bozoridagi asosiy ishtirokchilardan biri sifatidagi mavqeyini mustahkamlashda muhim qadam hisoblanadi. Shuningdek, u xalqaro investorlarning O‘zbekiston kapital bozori moliyaviy vositalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga yordam beradi.
Xasan Mirzajonov, “Kapitalbank” ATBning boshqaruvchi direktori, ta’kidladi:
“Xorijiy banklar, institutsional investorlar va xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan O‘zbekiston kapital bozoriga bo‘lgan qiziqish barqaror o‘sib borayotganini kuzatmoqdamiz. Raiffeisen Bank Internationalning Kapitalbankni o‘zining mahalliy hamkori sifatida tanlagani – bizning tajribamizga, bitimlarni kuzatib borish sifatiga va mahalliy bozor xususiyatlarini chuqur anglashimizga bo‘lgan yuksak ishonch dalolatidir. Ushbu hamkorlik xalqaro investorlarning mamlakatimiz iqtisodiyotidagi ishtirokini kengaytirishga va O‘zbekiston kapital bozorini yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonchimiz komil”.
Radoslav Ignatovits, Raiffeisen Bank Internationalning Group Prime Service bo‘linmasi Product Owneri (kastodial xizmatlar), shunday izoh berdi:
“O‘zbekiston izchil iqtisodiy islohotlar, moliya bozorining uzluksiz rivojlanishi va mamlakatning o‘sib borayotgan investitsion salohiyati tufayli xalqaro investorlar uchun jozibador yo‘nalish hisoblanadi. Kapitalbank bilan hamkorlik O‘zbekiston kapital bozoridagi mavqeyimizni mustahkamlashga hamda RBI va xalqaro mijozlarimiz uchun investitsiya imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi”.



