10.11.2026

2026-yilning 9–15-noyabr kunlari O‘zbekiston delegatsiyasining butun dunyoga Avitsenna nomi bilan tanilgan buyuk olim va mutafakkir Abu Ali ibn Sinoning qo‘lyozma merosini o‘rganishga bag‘ishlangan Hindistonga ilk ilmiy ekspeditsiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Ekspeditsiya yo‘nalishi Nyu-Dehli, G‘oziobod va Aligarx kabi uchta shaharni qamrab oladi.
Mazkur ekspeditsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy fondlarda saqlanayotgan Avitsenna qo‘lyozma merosini izlab topish va o‘rganishni ko‘zda tutuvchi farmoni ijrosi doirasida Abu Ali ibn Sino Jamoat fondi tomonidan tashkil etildi.
Kapitalbank O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini asrab-avaylash va mamlakatlar o‘rtasidagi ilmiy muloqotni rivojlantirish muhimligini e’tirof etgan holda, ushbu ahamiyatli tashabbusning hamkoriga aylandi.

«Abu Ali ibn Sino merosiga bag‘ishlangan ilmiy ekspeditsiyani qo‘llab-quvvatlash Kapitalbankning O‘zbekiston intellektual boyligini asrab-avaylash va uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga hissa qo‘shish borasidagi intilishini aks ettiradi. Avitsennaning ilmiy merosi faqat olim yashagan davr bilan cheklanmagan va bugungi kunda ham u butun dunyo tadqiqotchilarini ilhomlantirib kelmoqda. O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ilmiy muloqotni rivojlantirishga xizmat qiladigan hamda ikki tomonlama hamkorlik uchun yangi istiqbollarni ochadigan ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlayotganimizdan mamnunmiz», — deydi «Kapitalbank» ATB Boshqaruv Raisining Birinchi o‘rinbosari Sardor Ismailov.

Ekspeditsiya dasturidan ilmiy konferensiyalar va ekspertlar uchrashuvlari, ixtisoslashtirilgan muassasalarga tashriflar hamda qo‘lyozmalar to‘plamlari bilan tanishish o‘rin olgan. Dastlabki muhim tadbirlardan biri O‘zbekiston Respublikasining Hindistondagi Elchixonasida bo‘lib o‘tgan ilmiy konferensiya bo‘ldi. Tadbir doirasida Abu Ali ibn Sino Jamoat fondi Kapitalbankka qo‘shgan hissasi uchun esdalik mukofotini topshirdi.

Keyingi kunlarda ekspeditsiya ishtirokchilari G‘oziobod va Aligarx shaharlarida tadqiqot ishlarini davom ettiradilar. Ekspeditsiya natijalari Avitsennaning qo‘lyozma merosini yanada chuqur o‘rganishga hamda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.